Biz intervyularimiz turkumini davom ettiramiz va «Feather Protein» jamoasi bilan tanishamiz
Ushbu loyiha parrandachilik fabrikalari chiqindisi hisoblangan patlarni qayta ishlash orqali chiqindisiz ishlash texnologiyasini yaratib oqsil olishga qaratilgan.
1. Bizga loyihangiz haqida so’zlab bering. Nima ishlab chiqarishni rejalashtiryapsiz? Sizning startapingiz g’oyasi qachon paydo bo’lgan?
«Feather protein» loyihasi parrandachilik fermer xoʻjaliklarida soʻyilgan tovuqlar patidan oqsil moddasini ajratib olishdan iborat. Muammo dolzarb, «Feather protein» loyihasi esa innovatsion yechimni taklif qiladi. Gʻoya ustida 2019-yildan buyon ilmiy izlanishlar olib borilmoqda va bugunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi intelektual mulk agentligi tomonidan DGU 06996 guvohnoma olingan, 10 dan ziyod ilmiy ishlar xalqaro va mahalliy jurnallarda chop etilgan. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari orqali olib borilayotgan tadqiqotlar yuzasidan bir necha bor chiqishlar qilingan. Ushbu innovatsion gʻoya bilan Dilnozaxon Tursunova «Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion gʻoyasi» III Respublika tanlovida va «Mirzo Ulugʻbek vorislari» koʻrik tanlovining hududiy bosqichlarida gʻolib boʻlib, Respublika bosqichida munosib tarzda ishtirok etadi. 2021-yilda ilmiy izlanishlari va jamoatchilikda faolligi uchun bir guruh iqtidorli qizlar qatorida Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga fan yoʻnalishi (kimyo) boʻyicha sazovor boʻldi.
2. Jamoangiz qanday mutaxassislardan iborat?
Jamoa asosan 2 kishidan iborat:
– Ilmiy rahbar: Bobayev Isomiddin Davronovich – Toshkent kimyo texnologiya instituti, «Biotexnologiya» kafedrasi professori, kimyo fanlari doktori.
– Loyiha muallifi: Tursunova Dilnozaxon Isroiljon qizi – Toshkent kimyo texnologiya instituti «Organik moddalar kimyoviy texnologiyasi» kafedrasi magistranti.
3. Nima uchun oqsilning muqobil manbai sifatida parranda patlarini tanladingiz? Ularning xususiyati nimada?
Parrandachilik qoʻllaniladigan tarmoqlar mavjud. Ammo, ulardan ajratib olinadigan patlar ekologik tashlama sifatida chiqindixonalardan joy olib kelmoqda. «Par yostiq sifatida foydalanish mumkin-ku» – deyishingiz tabiiy, lekin bugungi kunda par yostiqlar oʻzida zamburugʻlar saqlagani tufayli talab darajasidagi mahsulot hisoblanmaydi. Bitta tovuqdan taxminan 100 gramm miqdorida pat olinadi. Katta tadbirkorlik subyektlarida oyiga 25 mingdan ziyod tovuqlar soʻyiladi. Bu esa fermer xoʻjaligi oyiga 2,5 tonnadan ziyod patlarni qayta ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilmagani tufayli muammolarga duch kelmoqda degani. Patlarning asosiy tarkibi keratin oqsilidan iborat boʻlib, ularni qayta ishlash tizimini yaratish orqali chiqindisiz ishlash texnologiyasini targʻib qilish asosiy maqsad hisoblanadi.
4. Olingan oqsilni qaysi sohalarda ishlatish mumkin?
Olingan mahsulotni oqsillar qoʻllaniladigan barcha sohalarda, jumladan, qishloq xoʻjaligida bioorganik oʻgʻit sifatida, tovuqlar va baliqlar uchun qoʻshimcha ozuqa moddasi sifatida, shuningdek, kosmetika vositalariga keratin sifatida qoʻllash mumkin. Loyiha orqali parrandachilik fabrikalaridagi chiqindini qayta ishlash orqali tadbirkor qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻladi.
5. Mahsulotingizning narxi qancha?
Mahsulot mahalliy chiqindi homashyodan ishlab chiqarilgani sababli, narx jihatidan arzon hisoblanadi. 1kg oqsil olish uchun 15 ming soʻmlik sarf-xarajatlar mavjud. Pat unining narxi esa Rossiyada 80 rubl, jahon bozorida 300g keratin oqsili $73 tashkil etadi.
6. Ushbu sohada bozorda raqobatchilaringiz bormi?
Raqobatchilarimiz barcha oqsil ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi korxonalardir. Asosiy raqiblar Bangladeshdagi bioorganik oʻgʻit ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi KAFCO va pat unini oluvchi Rossiyaning bir qancha korxonalari hisoblanadi.
7. Xalqaro bozorga chiqish rejalaringiz bormi?
Xalqaro bozorga chiqish uzoq muddatli rejalarimizda mavjud. Avvalo Oʻzbekiston sharoitida keyinchalik esa xalqaro miqyosda mijozlarga ega boʻlish va ularning ishonchini oqlash uchun tinimsiz izlanishlar olib boramiz.
8. Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?
Ilgʻor texnologiyalar markazi labaratoriyalarida oʻzimning tadqiqot ishlarimni olib borish orqali ajratib olingan oqsilni tayyor mahsulotga yetkazgunga qadar boʻlgan fizik-kimyoviy tahlil ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda «Feather Protein» loyihasining rivojlanishini kuzatib boring:
Instagram: https://www.instagram.com/p/CezVyuPMli7/?igshid=MDJmNzVkMjY=
Telegram: https://t.me/feather_protein
Linkedin: https://www.linkedin.com/posts/dilnoza-tursunova-b5b282242_technology-project-protein-activity-6942693487788122112-bDl_?utm_source=linkedin_share&utm_medium=android_app