Biz akselerator jamoalari bilan intervyular turkumini davom ettiramiz va bugun «Doc-Soap» jamoasi, foydali va shifobaxsh xususiyatlarga ega sovun ishlab chiqaruvchi, o‘zlarining startap loyihasi haqida gapirib beradi.
1. Bizga loyihangiz haqida so’zlab bering. Nima ishlab chiqarishni rejalashtiryapsiz?
Loyihamiz tibbiyot sovunlarini ishlab chiqish bilan bog’liq bo’lib asosan mahalliy qo’llash va dermatologik, ginekologik kasalliklar uchun mo’ljallangan. Tarkibida flukanazol faol moddasini saqlagan tibbiyot sovunlari ayollarda uchraydigan vaginal kandidoz kasalligini davolashda tavsiya etiladi. Hozirgi kunda xalq tilida «molochnitsa» deb nomlangan kasallik ekologik, tashqi omillar va antibiotiklar bilan davolanganda kuzatiladigan kasallik bo’lib uni kompleks davolashda tez ta’sir ko’rsatishi, arzon va foydalanishga qulay bo’lganligi ahamiyatga molik.
Bundan tashqari startap loyihamiz tarkibida husnbuzarlarga, dermatologik kasalliklarga qarshi ishlatiladigan maxsus turkumi sovunlar ham mavjud. O’smirlar orasida juda ko’p uchraydigan husnbuzarlarni davolashda tarkibida salitsil kislota va rux oksidi saqlagan tibbiyot sovunini ishlatishni biz tavsiya qilamiz.
2. Jamoangiz qanday mutaxassislardan iborat?
Jamoamiz 2kishidan iborat:
Loyiha rahbari: Ramazonova Kamola Ramazon qizi. Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti assistenti
Yordamchi texnolog: Ergasheva Shahzoda Baxtiyor qizi
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti 2 bosqich talabasi
3. Sizning mahsulotingiz hozirda do‘kon va dorixonalarda sotilayotgan boshqa markali sovunlardan qanday farq qiladi?
Bizning mahsulotimiz hozirda do’kon va dorixonalarda sotilayotgan boshqa markali sovunlardan tarkibida ta’sir etuvchi faol moddalar saqlaganligi va dorivor xususiyatga ega ekanligi bilan farq qiladi. Nafaqat antibakterial xususiyat balki ginekologik(vaginal kandidoz) va dermatologik(husnbuzarlar) davolashga mo’ljallangan.
4. Mahsulotingiz tarkibiga qanday komponentlar/moddalar kiradi?
Mahsulotimiz 3xil tarkibda ishlab chiqiladi. Birinchi tarkib vaginal kandidoz kasalligida qo’llash uchun bo’lib, tarkibi: sovun asosi palma yog’i, flukanazol faol moddasi va xushbo’ylantiruvchi konservantlar. Ikkinchi tarkib husnbuzarlarga qarshi ishlatilib tarkibida sovun asosi va rux oksidi, salitsil kislota saqlaydi. Uchinchi tarkib ulitka tuxumlaridan tayyorlangan bo’lib, yuzni tiniqlashtirish, oqartirish, dermatit kasalliklariga qarshi va qarish hujayralar faoliyatini sekinlashtirish xususiyatiga ega.
5. Loyihangizning maqsadli auditoriyasini qanday baholayapsiz? Sizning iste’molchingiz necha yoshda?
Vaginal kandidoz kasalligi asosan 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan ayollarda uchraydi. Flukanazolli sovunimiz maqsadli auditoriyasi 18-60 yoshgacha ayollar. Husnbuzarlar asosan 13 yoshdan 25 yoshgacha bo’lgan o’smirlar va homilador ayollarda, shuningdek teri kasalliklari bor boʻlgan bemorlarda uchrab, antifungal sovunlar 13-40 yoshgacha bo’lgan auditoriyaga ega.
6. Dorivor sovuningizning saqlash muddati qancha?
Sovunlarning saqlash muddati 2yil.
7. Sizning hisob-kitoblaringiz bo’yicha, mahsulotingizning narxi analoglardan qancha farq qiladi?
Bizning mahsulotlarimiz flukanazolli sovun tarkibida flukanazol saqlagan dori preparatlaridan 2 barobar arzon hisoblanadi.
8. Xalqaro bozorga chiqish rejalaringiz bormi?
Sovunlarga bo’lgan talabdan kelib chiqqan holda xalqaro bozorga chiqish rejamiz albatta bor. Hozirda buni ustida izlanishlar olib bormoqdamiz.
9. Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?
Sovunlarning klinik oldi amaliyotlarini olib borish uchun amaliy yordam olmoqchimiz. Sotuvga chiqadigan sovunlarni oldin hayvonlarda sinab ko’rib ularning toksikologik xususiyatlarini aniqlashimiz zarur.