Yangiliklar

HEALTHYPERS jamoasi bilan intervyu

Biz intervyular seriyasini davom ettiramiz va «HEALTHYPERS» jamoasi bilan tanishamiz.

1. Sizning startapingiz g’oyasi qachon paydo bo’lgan va qanday mahsulotlarni taklif qilasiz?

Bizning startap g’oyamiz oilamizdagi farzandlarimiz kiygan pamperslar muammolari tufayli teri qizarishi, toshmalar va yaralar paydo bo‘lishi natijasida yuzaga keldi, bu esa yechim izlashimizga asosiy sabab bo‘ldi. Aslida oddiygina ko’rinadigan bu kichik muammo 99,9 foiz yosh bolali oilalarda uchraydi. Hamma yechim izlaydi, kimdir dorilardan foydalanadi, kimdir upalar ishlatadi, kimdir esa tabiiy usullardan foydalanadi. Aslida birgina yechim ushbu muammoni hal qiladi va biz bu yechimni topdik, aynan 2-si 1-da pamperslarini ishlab chiqdik. Biz HEALTHYPERS jamoasi davolovchi hususiyatga ega bo’lgan pamperslarni Respublikamizdagi barcha kichik bolajonlar uchun taklif etamiz. Zero ularning kichik tanlari ozorsiz, ko’zlari namsiz ulg’aysin. Farzandlarimiz bizning kelajagimizdir.

2018 yilda faqatgina g’oya sifatida o’ylab, pampers ishlab chiqarish bo’yicha patentlarni topib o’rganib chiqib, intelektual mulk agentligiga murojaat etib, foydali model sifatida patent olish uchun hujjatlarni tayyorladik. Vaqt o’tib 2021-yil oktyabr oylarida yangi jamoa shakllantirdik. Va bu g’oya uchun Mirzo Ulug’bek vorislari Respublika tanlovida viloyat va shaxar bosqichi g’olibi bo’lib pul mablag’i bilan taqdirlandik.

2. Jamoangizda qanday mutaxassislar bor?

Jamoamiz to‘rt nafar mutaxassisdan iborat:

– Tairova Dilobar Baxtiyarovna – biotexnolog;

– Shermatova Iroda Baxtiyarovna – marketolog, texnolog;

– Shakarboyeva Havasoy Faxriddin qizi – g’oya muallifi, talaba;

– Yakubov Shaxzodbek Uktamovich – sotuv ishlari bo’yicha maslahatchi.

3. Ushbu sohada ishlashni boshlashingizga nima turtki bo’ldi?

Zamonaviy bolalarni pamperslarsiz tasavvur etib bo’lmaydi. Bu pamperslarni foydasi bo’lganidek zarari ham ko’p. Misol uchun bolalar ostida aynan pamperslar tufayli kelib chiqadigan allergic toshmalar. Bu toshmalarga vaqtida e’tibor ko’rsatilmasa oddiy toshmalar katta yaralarga olib kelishi mumkin va bu onani va albatta bolajonni ancha qiynab qo’yadi.

4. Mahsulotingizning qadri va o‘ziga xosligi nimada?

Mahsulotimizni o’ziga hosligi shundaki bunda pamperslar sizga bolaning faqat quruqligini emas balki sog’lom terisini ham ta’minlaydi. Allergiyaga boshqa yechimlarga qaraganda HEALTHYPERS pamperslari 2tasi 1ta yechim hisoblanadi. Maz, har hil o’simlik damllamalarini ishlatganingizda siz pamperslardan foydalana olmaysiz. Bunda esa ko’p vaqt yo’qotasiz. Bizning yechimda hammasi bir vaqtda.

5. Tagliklaringizning fito-tarkibiga qanday dorivor o’tlar kiradi?

Bizning mahhsulot tarkibiga eng samarali va allergiya chaqirish hususiyati deyarli yo’q bo’lgan dorivor o’tlar kiritilgan.

– shalfey;
– romashka;
– rozmarin;
– lavanda.

Bu o’simliklar yaralar va toshmalar biytishini tezlashtiradi, terini tinchlantiradi, bola terisini avaylaydi.

6. Sizning hisob-kitoblaringiz bo’yicha mahsulotingiz tannarxi bozordagi oddiy tagliklardan qanchalik farq qiladi?

Bizning hisob-kitobimizga ko’ra bozorda o’rtacha pamperslar narxi 2500 so’mni tashkil etsa. Bizning mahsulot tannarxi o’rtacha 3500-4000 so’mni tashkil qiladi.

7. Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?

Biz Ilg’or texnologiyalar markazi labaratoriyasidan pampersimizga kerak bo’ladigan gidrogel tasmachani olish uchun foydalanmoqchimiz.

 

Все новости