Yangiliklar

Jamoa bilan intervyu: «Dr. Snails»

Startapingizning asosiy maqsadi nima, uning yordamida nimaga erishmoqchisiz?

Startapimizning maqsadi shilliqqurtlardan krem va ko‘piklar yaratishda foydalanish. O‘zbekiston aholisining 10 foizi teri muammolari bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qilishini hisobga olgan holda, biz yiliga 20 mingdan 100 minggacha mahsulot ishlab chiqarish, ish o‘rinlari yaratish va mahsulotlar turini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Startapingiz bozordagi raqobatchilarnikidan nimasi bilan farq qiladi? Raqobatbardosh ustunligingizni qanday saqlab qolishni rejalashtiryapsiz?

Bizning asosiy raqobatchilarimiz Janubiy Koreya, AQSh, Fransiya va Rossiyada ishlab chiqariladigan, tarkibida shilliqqurtlar tuxumi va shilimshig‘i mavjud bo‘lgan krem va ko‘piklar hisoblanadi. Biz ularga nisbatan tabiiy, arzon hamda har qanday teri turi uchun mos keladigan, yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega, vitaminlarga boy mahsulotlarni taklif etish orqali o‘z ustunligimizni saqlab qolmoqchimiz.

Shilliqqurtlar kremi har xil teri turlariga, jumladan ta’sirchan va muammoli teriga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Bizning shilliqqurtlar shilimshig‘idan yaratilgan kremimiz 99% kollagenni saqlaydi, bu esa terining tarangligi va yosharishiga yordam beradi. Unda shuningdek AHA (alfa-gidroksikislota), BHA (beta-gidroksikislota) va PHA (poligidroksikislota) mavjud bo‘lib, ular teriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mahsulot samarali namlantiradi, yuzdagi ajinlarni yo‘qotadi (shu jumladan uzum kislotasidagi AHA orqali), terining chuqur qatlamlariga kirib yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi (atsetilsalitsil kislotadagi BHA orqali), shuningdek qarishni sekinlashtiradi va glyukon kislotasi orqali terini tiniqlashtirishga yordam beradi.

Shilliqqurtlar kremining ta’sirini kuchaytirish uchun qanday tabiiy komponentlardan foydalanmoqchisiz?

Biz o‘z kremimizni uzum urug‘ining yog‘i va bodom yog‘idan iborat aralashma, shuningdek suv kabi tabiiy komponentlar asosida tayyorlaymiz. Muhim qo‘shimchalar qatorida A va E vitaminlari hamda yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega bo‘lgan atsetilsalitsil kislota mavjud. Ana shu tabiiy komponentlar va vitaminlarning noyob kombinatsiyasi bizning kremimiz samarasini oshiradi va tezlashtiradi.

Kremimiz tabiiy komponentlardan foydalanilgani uchun hidsiz. Turli xil aromatizatorlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan allergik reaktsiyalarni inobatga olgan holda, biz tabiiy bodom essentsiyalaridan foydalanamiz.

Mahsulotingizdan foydalanish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazdingizmi, foydalanuvchilar bilan teskari aloqani yo‘lga qo‘ydingizmi?

Bizda mahsulot ishlab chiqarish va undan foydalanish bo‘yicha 5 yillik boy tajriba mavjud. Hozirda faxrlanib aytishimiz mumkinki, mahsulotimiz bir qator teri muammolarini hal qilishda o‘z samaradorligini isbotladi. Mijozlarimiz ushbu mahsulotni ayniqsa yuzdagi akneni davolashda, tug‘ruqdan so‘ng paydo bo‘ladigan pigment dog‘larni yo‘qotishda va quyosh nuri ta’siridagi pigmentlanishni bartaraf etishda, shuningdek mimik ajinlarni qisqartirishda juda foydali deb hisoblashmoqda.

Mahsulot sifatining muhim ko‘rsatkichlaridan biri shuki, bir marta sinab ko‘rgan mijoz, unga qayta-qayta murojaat qilmoqda.

Shilliqqurtlar ekstraktini yig‘ish va qayta ishlash jarayoni haqida ma’lumot bera olasizmi? Bu jarayonning axloqiy va barqaror tomonlarini qanday ta’minlayapsiz?

Biz “Achatina retlika” turidagi uy shilliqqurtlarini juftlikda muvaffaqiyatli tarzda ko‘paytirmoqdamiz va ular uchun qulay yashash sharoitlarini yaratib beryapmiz. Ularning oziqlanish ratsioniga qovun, bodring, banan, salat va gammaruslar kiradi. Sog‘ligini saqlash maqsadida ularga muntazam ravishda kaltsiy berib boramiz. Shuningdek, haftasiga ikki marta shilliqqurtlar suviga profilaktik maqsadda trixopol va metronidazol bilan ishlov beramiz. Bu shilliqqurtlarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olishga yordam beradi, chunki bunday kasalliklar ishtaha yo‘qolishi va tuxum qo‘yish qobiliyatining pasayishi ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, tabiiy sharoitdagi kabi hamda maxsus sharoitlar yaratib, yangi naslni tuxumdan ko‘paytirish haqida ham qayg‘uryapmiz.

Mijozlarga mahsulotingizning samaradorligini qanday isbotlaysiz? Klinik tadqiqotlar o‘tkazdingizmi yoki foydalanuvchilar bilan qanday teskari aloqani oldingiz?

Biz mahsulotlarimizning tabiiy va xavfsiz ekanini tasdiqlaymiz. Hozirgacha 2800dan ortiq mijozimiz mahsulotlarimizni baholashga ulgurdi. 5 yillik ish tajribamiz davomida yuqori ta’sirchanlikka ega bo‘lgan mijozlarda ham shilliqqurtlar ekstraktidan tayyorlangan kremimiz ijobiy samara ko‘rsatishini isbotladik, ya’ni quruqlik va qichishish yo‘qoldi. Yetkazilgan zarar haqida hech qanday ma’lumot olmadik. Mahsulotlar klinikagacha bo‘lgan tadqiqotlardan o‘tkaziladi, ular tashqi qo‘llash uchun mo‘ljallangan.

Startapni ishga tushirish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va ularni qanday yengib o‘tdingiz?

Startapni ishga tushirishda C.A.T. Science Accelerator ustozlarining yordami juda katta bo‘ldi. Barcha paydo bo‘lgan qiyinchiliklarni o‘zaro maslahatlashib hal qildik. Shuning uchun buni eng katta qiyinchilik deb aytib bo‘lmaydi. Ularning yordamida firma belgisini tanladik, yanada ko‘proq mijozlarni jalb qildik, mahsulot dizaynini yaxshiladik. Hozirda mahsulotni nafaqat Toshkentga, balki Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlariga ham yetkazib bermoqdamiz.

Jamoangizning har bir a’zosi loyihada qanday rol o‘ynaydi? Ular loyihaga qanday ko‘nikma va tajribalarni olib kirmoqda?

Bizning jamoamiz uch kishidan iborat:

  • Loyiha rahbari – O‘rinova Dilnoza Jahongirovna. 5 yillik tajribaga ega kosmetolog-texnolog. Laboratoriya sharoitida krem va ko‘piklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
  • Texnolog yordamchisi – O‘rinova Barchinoy Jahongirovna. Shilliqqurtlarni parvarishlash bo‘yicha mutaxassis.
  • Marketolog – Sharipov Azamat.

Ilg‘or Texnologiyalar Markazi laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?

Biz tayyorlangan krem va ko‘piklar sifatini baholash uchun uskunalardan foydalanishni rejalashtirganmiz. Sababi, kremlar tarkibida vitaminlar, glitserin va atsetilsalitsil kislota mavjud. Ularning sifati va miqdorini aniqlash muhim.

Akselerator mentorlari bilan qanday ishlayapsiz, jamoangizga qanday mentorlik  yordami kerak?

Endi akselerator ustozlari tufayli mahsulotimizni rivojlantirish uchun ko‘proq bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Shuningdek, kelajakda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan grant mablag‘larini olishni rejalashtiryapmiz. Ushbu mablag‘larni ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish va mahsulotimizni targ‘ib qilish uchun sarflaymiz.

Kelajakda startapingiz uchun qanday rejalaringiz bor? Qanday yangi mahsulotlarni joriy qilishni rejalashtiryapsiz?

Kelgusida shilliqqurtlarning tuxumi va shilimshig‘idan tayyorlangan plastirlar, niqoblar, namlantiruvchi dokachalar, spreylar, losyonlar va toniklar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.

 

Все новости