Yangiliklar

Jamoa bilan intervyu: «Lifeco»

1. Sholidan idish tayyorlashga ixtisoslashgan startapni yaratish uchun ilhomni qayerdan oldingiz?

Men tug‘ilgan Gurlan tumanida eng asosiy ekin bu sholichilikdir. Esimni tanigandan beri sholi yetishtirish bilan shugullanaman.Shu bois sholining barcha jarayonlarini, xususiyatlarini, navlarini yaxshi tushunaman. 2019-yildan buyon guruch savdosi bo‘yicha korxona tashkil etib korxona va tashkilotlarga ulgurji narxda yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Bu loyihaga qo‘l urushimning 2 ta sababi bor.

Birinchisi. Plastik muammosi. Bu butun dunyo muammosi bo‘lib hozirda barcha davlatlar bunga yechim qidirishga kirishgan. Bu yo‘nalishda yetakchi davlatlar Xitoy, Hindiston va Germaniyani aytishimiz mumkin. O‘zbekistonda esa bu sohada hali birorta loyiha amalga oshirilmagan. Meni maqsadim bu yo‘nalishni rivojlanitirish orqali O‘zbekistonda plastik muammosiga ajoyib yechim berish.

Ikkinchisi.Sholi ekinligi shunaqangi noyob o‘simlikki undan judayam ko‘p mahsulotlar olsa bo‘ladi. Ko‘plab sohalarda ishlatsa bo‘ladi. Bizda sholi va guruchni qayta ishlash umuman yo‘q bo‘lib oshga guruchini ishlatamiz, kepagini molga beramiz tamom.Agar buni qayta ishash yo‘lga qo‘yilsa juda qimmat mahsulotlar olish mumkin va ushbu sohani yanada rivojlantirish mumkin.

2. Sholidan tayyorlangan idishlaringiz boshqa materiallardan tayyorlangan an’anaviy idishlar bilan solishtirganda qanday afzalliklarni taklif etadi?

Ularga qaraganda chidamli va zararsiz. Narx jihatidan ham ancha arzon

3. Idishingizda tabiiy sholi mahsulotining foizi qanchaligi va ishlab chiqarishda yana qanday komponentlardan foydalanishingiz haqida ma’lumot bera olasizmi?

Mahsulotdan 75-80% sholi qobig‘i  kukuni, 15% makkajo‘xori va kartoshka kraxmali, 5 % tabiiy yelim.

4. Startapingiz bozordagi raqobatchilaringiznikidan nimasi bilan farq qiladi?

Hech bir jihatidan plastik idishlardan qolishmaydi. Asosiy farq qiladigan tomoni idishimiz tabiatga umuman zararsiz, tabiatda tez parchalanib chirindiga aylanib ketishidir.

5. Startapni ishga tushirish jarayonida siz duch kelgan eng katta to‘siqlar nimadan iborat bo‘ldi, ularni qanday yengib o‘tdingiz?

Uskunasi va ishlab chiqarish texnologiyasini topishda qiyinchilik bo‘ldi. 3 oy internetda izlab kerakli malumotlar va uskunalarni topdim. Uskuna egalari bilan gaplashdim. Ulardan uskuna haqida to‘liq ma’lumot oldim.

6. Jamoangizning har bir a’zosi loyihada qanday rol o‘ynaydi?

Loyiha rahbari ya’ni loyihaning barcha jarayonida bevosita o‘zim qatnashaman. Hujjatlar bilan ishlash, moliyaviy ishlarni hal etish, uskunalarni topish va ular bilan gaplashish, jamoani yig‘ish. Tadbirlarda va o‘quv seminarlarida qatnashish. Bu loyiha rivojlangani sayin vazifalar tegishli xodimlarni ishga olib ularga yuklatiladi.

O‘razmetov Ravshan texnolog. Loyihada idishlarni yasash va ularni tarkibini o‘rganish vazifasini bajaradi. Qanday birikmalarni qo‘shsa idishlar mustahkam bo‘lishini o‘rganish va tajriba qilish ishlarini qiladi.

Sabirov Doston marketolog. Bozorni o‘rganadi. Plastik idishlar ishlab chiqaruvchilarni o‘rganadi. Qanday assortimentdagi tovarlar yaxshi ketishi va qaysi tarmoqlar orqali sotish kerakligi bo‘yicha ish olib boradi.

7. Ular loyihaga qanday tajriba va ko‘nikmalarni olib kiryapti?

Hozirda hammamiz bir jamoa bo‘lib o‘zlarimizni tajribalarimizni qo‘shgan holda loyihani rivojlantirishga yo‘naltirmoqdamiz.

8. Ilg‘or texnologiyalar markazining laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?

Mahsulotlarimizni sinovdan o‘tkazishni reja qilyapmiz. U yerdagi mutaxassislar bilan yangi ishlanmalar ustida ish olib borish.

9. Akselerator mentorlari bilan qanday ishlayotganingiz haqida gapirib bersangiz. Jamoangizga mentorlikdan qanday yordam zarur?

Menga biriktirilgan mentor Akmal Salixov. Akmal aka juda kuchli mutaxasis va o‘zi loyihalarni yo‘lga qo‘yib rivojlantirganligi va bu yo‘lda asosiy to`siqlar haqida tavsiyalar berdi. Menga foydali bo‘lgan eng zo‘r maslahatlaridan biri Xitoydan aynan shu turdagi mahsulotni olib kelib sotib ko‘rish kerak, shunda bozor talabi aniq bo‘ladi degan fikrni berdilar. Idishlarni qilish bo‘yicha ham o‘zimiz ham shu yerda maxsus formula asosida idishlarni chiqarish kerakligi faqat Xitoyni formulasiga qarab qolmosligini aytdilar. Akmal aka men uchun juda foydali bo‘ldilar.U kishiga katta rahmat.

10. Yangi mahsulotlarni rivojlantirish yoki mavjudlarini takomillashtirish borasida kelajak rejalaringiz qanday?

Yuqorida aytganimdek sholi qobig‘idan juda ko‘p mahsulot olsa bo‘ladi. Keyingi rivojlanish rejalarimiz undan ro‘zg‘orda ishlatiladigan ko‘p martalik taxtakash, tarelkalar, kosalar va boshqa buyumlar. Keyingi rejalashtirgan katta yo‘nalishimiz qurulish materiallari bo‘lmish DSP, DVP va MDF panellar ishlab chiqarish rejalashtirganmiz. Bunda Hindiston tajribasini o‘rganib kelish rejalashtiriklgan.

11. Sholidan tayyorlangan idishingizni utilizatsiya qilish va uning utilizatsiya sikli qanday amalga oshiriladi?

Utilizatsiya qilish haqida aytadigan bo‘lsak bizning mahsulotlarimizni bemalol dalalarga tashlash mumkin, o‘rtacha 10-30 kun ichida to`liq chirindi o‘g‘itga aylanib ketish xususiyati bor.

Все новости