Yangiliklar

«Lucky Step – Diabetic Shoes» jamoasi bilan intervyu

Biz intervyular seriyasini davom ettiramiz va «Lucky Step – Diabetic Shoes» jamoasi bilan tanishamiz.

1. Bizga loyihangiz haqida so’zlab bering. Nima ishlab chiqarishni rejalashtiryapsiz? Sizning startapingiz g’oyasi qachon paydo bo’lgan?

Ushbu g’oya jamoamiz azolaridan biri Mirvoxid Mirakbarovichda paydo bo’lgan, ular ko’p yillar davomida ortoped-travmatolog bo’lib faoliyat yuritganlar va tajribalar davomidi juda ham ko’plab qandli diabet oqibatida oyoq soxasida uchraydigan turli xil nuqsonlarni uchratganlar. Kunlarning birida, meni konstruktor-texnolog sifatida diabetik oyoqli bemorlar uchun maxsus poyabzal ishlab chiqish g’oyasi bilan murojaat qildilar. Biz birgalikda poyabzal modelini ishlab chiqdik va ishlab chiqarish uchun xom ashyolar tanladik. Bizning loyihamiz qandli diabet kasalligida uchraydigan oyoq soxasidagi nuqsonlarni oldini olish va mavjud bo’lgan nuqsonlarni barqarorlashtirishga mo’ljallangan.

2. Jamoangizda qanday mutaxassislar bor?

Bizning jamoa loyihamiz uchun zarur bo’lgan tajriba va yo’nalishga ega bo’lgan 4 mutaxassisdan iborat:

Mirzaraximov Mirvohid – oliy toifali ortoped-travmatolog

Sheraliyev Sharifjon – Respublikada charm attorlik va poyabzal soxasi bo’yicha yetuk mutaxassis

Mirakbarova Omina – poyabzal va charm attorlik bo’yicha konstruktor-texnolog va modeler

Sheraliyev Shuxratjon – marketing va IT bo’yicha mutaxassis

3. Ortopedik poyabzal – nima uchun va kimga kerak?

Bizning mahsulot birinchi navbatda, qandli diabet va diabetic oyoq panjasi sindromi bilan og’riganlar, shuningdek, oyoq panjasida og’rig’i bo’lgan keksa odamlar uchun mo’ljallangan. Biz ishlab chiqqan poyabzallarning vazifasi qandli diabetning oqibatlarini oldini olish, diabetik oyoqning holatini barqarorlashtirish, yurishni osonlashtirish, harakatlanayotganda oyoqlarda og’riqni kamaytirish va oyoq panjasiga og’irlikni to’g’ri taqsimlashdir. Bularning barchasi odamlarning hayot sifatini yaxshilash uchun.

4. Qandli diabet bilan og’rigan odamlar uchun ortopedik poyabzal – bu toifadagi odamlar uchun poyabzalning xususiyatlari qanday?

Bozorlarda va do’konlarda sotiladigan qandli diabetga chalinganlar uchun poyabzallarning xususiyatlari quyidagilardir:

– teriga salbiy ta’sir ko’rsatmaydigan tabiiy va xavfsiz materiallardan tayyorlangan;

– oyoq panjasini mahkam qoplaydi va shu bilan shikastlanish xavfini yo’q qiladi;

– og’irlikni to’g’ri taqsimlanishini ta’minlaydigan ortopedik ichki pataklarga ega;

– panja iziga moslashuvchanligi;

– harakat davomida og’irlikka bardoshliligi;

– yengil va uzoq vaqt kiyish uchun qulay bo’lishi mumkin.

5. Ortopedik poyabzal inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkinmi?

Ha, lekin buning bir qancha sabablari bor: agar u umumiy qabul qilingan talablarga javob bermaydigan materiallardan tayyorlangan bo’lsa, ortopedik poyabzalning tag qismi va tumshuq qismi juda qattiq bo’lsa, noto’g’ri o’lchovlar olingan bo’lsa, oyoqning aylana o’lchami sozlanmaydigan bo’lsa, chok izlarini qalinligi va tor qolipdagi bo’lsa.

6. Sizning mahsulotingiz bozordagi boshqalardan nimasi bilan farq qiladi? Sizning ortopedik poyabzal modelingiz qanday xususiyatlarga ega?

Biz ishlab chiqqan modellar jamiyatda foydalanuvchilar uchun har tomonlama qulaylikni ta’minlab beradi. Boshqa ishlab chiqaruvchilarning ortopedik poyabzallaridan farqli o’laroq, bizning poyabzalimiz zamonaviy ko’rinishga ega va zamonaviy talablar asosida ishlab chiqariladi. Biz oyog’ida nuqsoni bo’lgan ko’plab insonlar bilan suxbatlashganimizda, ular xunuk va qo’pol ko’rinish ega poyabzallardan foydalanishdan uyalishlarini aytgan edilar. Bizning poyabzal modelimiz bu muammoni hal qiladi. Odatda, boshqa ishlab chiqaruvchilar ichki patak uchun porolon yoki rezina materiallardan foydalanganligi sababli, bemorlarda oyoqlari terlashi va shuning oqibatida mavjud bo’lgan yaralarning yomonlashishiga olib keladi. Biz esa ichki pataklar uchun faqat tabiiy xom ashyodan foydalandik, buning natijasida terlashni oldini olish va havo o’tkazuvchanlik hususiyatiga ega pataklarni ishlab chiqdik.

7. Ortopedik poyabzallarni qanchalik tez-tez yangilash kerak? U alohida parvarish talab qiladimi?

Har bir mahsulotning o’z yaroqlilik muddati bor. Ortopedik poyabzallarni quyidagi hollarda yangilash kerak: o’lchamiga mos kelmasa va korrektsiyalovchi xususiyatlari yo’qolganda. Bu poyabzal ham, har qanday sifatli poyabzal kabi parvarish qilinadi yani: maxsus krem ​​va moy bilan tozalash, ehtiyotkorlik bilan kiyish, nam havodan birdaniga issiqda quritish va uni yuvib bo’lmaydi.

8. Sizning hisob-kitoblaringiz bo’yicha mahsulotingiz narxi analoglardan qancha farq qiladi?

Ishlab chiqarilgan poyabzallar narxi, modellarning murakkabligiga qarab 350.000 so’mda 450.000 so’mgacha bo‘ladi. Analoglar bilan taqqoslaganda, bizning poyabzallarimiz o’rtacha narxga to’g’ri keladi.

9. Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?

Ilg’or texnologiyalar markazi olimlari bilan loyihalarimizni yanada takomillashtirish va rivojlantirish uchun hamkorlikda aloqa o’rnatish. Loyihalarni boshqarish strategiyasi bo’yicha tajriba orttirish va kerakli ko’nikmalarga ega bo’lish. Zaruriyatga ko’ra, mahsulotimizning fizik va kimyoviy sinovlarini o’tkazish.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Omadli qadam – diabetik poyabzal» loyihasining rivojlanishini kuzatib boring:

Telegram: https://t.me/luckystepuz
Facebook: https://www.facebook.com/luckystepuz/
Instagram: https://instagram.com/lucky_step.uz

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Все новости