Yangiliklar

«Milk Silk» jamoasi bilan intervyu

Intervyularimiz turkumini davom ettiramiz. Bugun «Milk Silk» jamoasi o’z loyihasi haqida so’zlab beradi.

Biz hammamiz bilamizki, paxta, jun, ipak va zig’ir tola ishlab chiqarish uchun mashhur tabiiy materiallardan biridir. Ammo «Milk Silk» startap loyihasi sut oqsili (kazein)dan tolalar ishlab chiqarish bilan shug’ullanmoqda.

Keling, ularning ishlari bilan yaqinroq tanishaylik.

1. Loyihangiz haqida bizga soʻzlab bering. Nima ustida ishlayapsiz?

“Milk-Silk” loyihasi istemolga yaroqsiz achib qolgan sutni tarkibidagi (kazein) oqsildan tola olish orqali, sanoatda antibakterial kiyim kechaklar, tibbiyot sohasida bint, ichki va tashqi tikuv uchun jarrohlik iplarni ishlab chiqarish ustida ishlamoqda.

2. Jamoangiz qanday mutaxassislardan iborat?

Jamoamiz 2 nafar mutaxassisdan iborat.

Loyiha asoschisi: Islombek Usmonov Yakubjon o`g`li – iqtisodchi, yurist, mustaqil ilmiy izlanishlar olib boruvchi shaxs, “Milk-Silk” loyihasi bilan “O`zbekiston uchun 100-g`oya” Respublika tanlovi g`olibi.

Yordamchi texnolog: G`ulomova Shahlo Rahmonjon qizi Toshkent tibbiyot akademiyasi Tibbiy pedagogika fakulteti 6-bosqich talabasi.

“Akademik Abdullaxodjaeva Malika Samatovna” stipendiyasi sohibasi.

3. Kazein tolasini ishlab chiqarish g’oyasi qachon va qanday paydo bo’lgan?

2015-yili internetda Eco-bizneslar haqida ma`lumot o`qib qoldim. 1930-yillarda Italiyada ilk bor sut oqsili (kazein)dan tola ishlab chiqarilganligi to`g`risidagi qisqa ma`lumot e`tiborimni tortdi. Bu ma`lumot menga tanishday tuyildi. Google dan qidirdim ushbu loyiha bo`yicha  to`liq ma`lumotlar topilmadi. Keyinchalik turli adabiyotlardan ishlab chiqarish bo`yicha ma`lumotlarni izlab topdim va mustaqil ravishda uy sharoitida tajribalarni boshladim. Dastlabki tajribalar 1 yil o`xshamdi, keyin ko`proq ma`lumotlar to`plab maqsadimga erishdim. 2018-yilning mart oyida Intelektual mulk agentligi tomonidan ilmiy ishimga mualliflik huquqini beruvchi patent oldim.

4. Nima uchun tola ishlab chiqarish uchun kazeinni tanladingiz? Kazein qanday xususiyatlarga ega va undan tola/mato qanday ishlab chiqariladi?

Oqsil tolalar taʼbiy tolalardan koʼpgina afzalliklari bilan farq qiladi.

Birinchidan, oqsil tola ishlab chiqarish uchun ancha kam mehnat sarflanadi. Masalan, gʼoʼzaning ishlovidan tortib to chigitdan bir tonna paxta tolasini ajratib olishga 200 ish kuni, vaholanki bir tonna sutdan tola olish uchun, sutdan (kazein) oqsilini ajratib olishga ketgan mehnatni qoʼshib hisoblaganda koʼpi bilan 20 ish kuni sarf boʼladi.

Ikkinchidan, paxtadan mato ishlab chiqarishga solishtirganda, sutdan mato tayyorlashga oʼn baravar kam suv ketadi; 1 kilogramm mato tayyorlash uchun 30 litr sut va 2 litr suv kerak (solishtirish uchun-paxtadan 1 kilogramm mato tayyorlash uchun 20 ming litr suv sarflash kerak).

Sutdan tola ishlab chiqarishda, bir tomondan, mehnat kam sarflansa, ikkinchi tomondan, oz vaqt ichida koʼp mahsulot tayyorlash mumkin.

Qo’shimcha afzalliklar:

-sutdan tola hosil qilish unchalik koʼp mablagʼ sarflanmaydi va bunday tola ishlab chiqarishni tez yuksaltirish mumkin;

-sut tolasini ishlab chiqarish iqlim, ob-havoning noqulay kelishi va mavsumga bogʼliq emas;

-ularni yil boʼyi ishlab chiqarish mumkin;

-sut tolasidan ipakka oʼxshagan mato tayyorlanadi;

-sutdan yaratilgan kiyim an’anaviy kiyimdan farq qilmaydi.

Dastlab sutni tarkibiga achitqi kiritilib sut achitiladi. Natijada sut tarkibidagi oqsil (kazein) pastga cho`kkanidan so`ng, zardobdan ajratilib 3 marta yuviladi va quritiladi. Tayyor oqsilni eritib cho`ktirish vannasida tola hosil qilinadi. Keyin toladan kiyim kechak va tibbiyot iplari ishlab chiqariladi.

5. Loyihangizning maqsadli auditoriyasini qanday baholayapsiz? Sizning potentsial iste’molchingiz kim?

“Milk-Silk” kompaniyamiz sut oqsili (kazein)dan sanoatda ishlab chiqariladigan kattalar va bolalar uchun antibacterial, inson tanasiga foydali bo`lgan kiyim kechaklarni “Klaster” tizimini joriy qilgan holda ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqchi. Albatta, bu tizimni joriy qilishdan ko`zlangan maqsad xom-ashyo bazasini shakillantirish orqali mahsulot tan narxini arzonlashishiga ko`mak beradi. Ya`ni, biz o`zimiz sigir sotib olamiz va o`zimiz sutni sog`ib olib, xom-ashyo bazasini shakillantiramiz. Sog`ib olingan sutdan tayyor mahsulot ishlab chiqarib, aholini barcha qatlamiga kiyim kechaklarni  E-Commerce online do`kon orqali sotamiz va yetkazib beramiz.

6. Yakuniy foydalanuvchi uchun mahsulotingizning narxi qancha bo’ladi?

O`rtacha narxi $10 bo`ladi

7. Bozorga qanday kirishni rejalashtiryapsiz? Sizda hozirda puxta o’ylangan strategiya bormi?

Biz avval bozorga yosh bolalar uchun tikilgan kiyim-kechaklar bilan kirib kelmoqchimiz. Yangi tug`ilgan chaqaloqlar va 3 yoshgacha bo`lgan bolalarni terisi tasirchan bo`ladi. Ularga tabiiy havo o`tkazuvchi, antiallergik hususiyatiga ega bo`lgan matolarga ehtiyoj tug`iladi. Bozorga kirib olganimizdan so`ng kattalar uchun ishlab chiqarishni boshlaymiz.

8. Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?

Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalarida Milk-Silk loyihamiz tajribalarini o`tkazib kelmoqdamiz. Markaz hodimlari barcha sharoitlarni yaratib berishgan va tajribalarimizda ishtirok etishib amaliy yordam berishmoqda.

 

Все новости